08:42
DTM test natijalari nega kechikayotganiga izoh berdi

Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakli uchun joriy yilgi test sinovlari 29-iyuldan 15-avgustga qadar oʻtkazildi.

Mazkur jarayon Respublikadagi mavjud 60ta oliy taʼlim muassasalari va ularning 30ta filiallari bakalavriatiga talaba boʻlish istagida hujjat topshirgan abituriyentlar oʻrtasida kechdi.
 


Bugun, 21-avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Davlat test markazi vakillari ishtirokida jurnalistlar uchun oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilinishicha,

bu yil 1 million 66 ming 925 nafar abituriyentdan ariza tushgan va ular roʻyxatdan oʻtib, maʼlumotlar bazasiga kiritilgan. Bu yil hujjat topshirgan abituriyentlar soni oʻtgan yildagiga nisbatan 250 ming nafarga koʻproq boʻldi. Tanlov boʻyicha bir oʻringa 10 nafardan ortiq abituriyent toʻgʻri keldi.

Kunduzi va kechki taʼlim shakli boʻyicha 731 ming 918 nafar, sirtqi taʼlim shakli boʻyicha esa 335 ming 7 nafar abituriyentdan hujjat qabul qilindi. 979 ming 470 nafar abituriyent test sinovlarida qatnashishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan 954 ming 75 nafari imtihonda bevosita ishtirok etdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, jarayon vaqtida tartib-qoidalarni buzgan 465 nafar abituriyent sinovdan chetlashtirilgan, nooʻrin xatti-harakati orqali xatolikka yoʻl qoʻygan 20 nafardan ortiq guruh nazoratchisi bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilingan.

DTM boshqarma boshligʻi Barno Rajabov nima uchun joriy yilda mandat kechikayotganiga izoh berarkan, joriy yilda har bir abituriyent bir paytda uchta oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirishi ilk marta yoʻlga qoʻyilgani va shu bois ham mandat test jarayonlari yakunlanganidan soʻng bir hafta ichida eʼlon qilinishini taʼkidladi. Shuningdek, u haligacha ayrim imtiyozlarni uchta yoʻnalishda qoʻllash tartibi rasman maʼlum emasligi, Fargʻonadagi “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari alohida kvotada qabul qilinadimi yoki asosiy kvota ichidami, bu ham noaniqligini aytib, mazkur holatlar ham yakuniy natijalar kech chiqarilishiga sabab boʻlayotganini bildirdi.

Barno Rajabovning qayd etishicha, DTMda ikki kun mobaynida mandatni eʼlon qilish imkoniyati mavjud.

Eslatib oʻtamiz, 14.05.2019-yildagi Prezident qarori boʻyicha, test sinovlarining javoblarini eʼlon qilishning oxirgi muddati - 22-avgust. Qonun hujjatlarida test sinovlari natijalarini ortga surish haqida birorta qoida yoʻq.

Категория: Yurtimiz yangiliklari | Просмотров: 744 | | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0
avatar