14:18
Sentyabr oyida yurtimizda qanday ob-havo kuzatiladi?

Sentyabr — kuzning birinchi oyi, biroq bu oy O‘zbekistonda ob-havo sharoitlariga ko‘ra ko‘proq yozni eslatadi, faqat harorat foni birmuncha qulay.

Iqlimiy me’yorlarga muvofiq, O‘zbekistonda sentyabr oyi yilning eng quruq oylaridan biri hisoblanadi. Yog‘inlar juda kam bo‘lib, oy davomida o‘rtacha 1-3 marta yomg‘ir yog‘ishi mumkin, ularning miqdori esa o‘rtacha iyul va avgust oylaridagiga qaraganda salgina ko‘p — tekislik hududlarda 2 mm.dan 6 mm.gacha, tog‘li joylarda 10-20 mm.gacha yetadi, deb xabar qilmoqda respublika Gidrometeorologiya markazi.

Oyning birinchi yarmida kunduzgi havo harorati odatda 30-33 daraja atrofida, oyning ikkinchi yarmida esa 26-29 daraja atrofida bo‘ladi. Eng iliq sentyabrlarda ayrim kunlari termometr ustunchasi 35-39 darajagacha ko‘tariladi. Sovuq havo oqimlari kirib, kunduzgi harorat 22-25 darajagacha tushadigan, ba’zan esa undan ham past bo‘ladigan holatlar kamdan-kam kuzatiladi va bunday sovuq davrlar qisqa muddatli bo‘ladi.

Biroq, bu yil sentyabr oyi bizni salqin havo bilan qarshi oladi. Avgust oyining so‘nggi kunlaridan harorat 27-32 darajagacha pasayadi, sentyabrning ilk kunlari juda issiq yoz «aybini» yumshatib harorat kechasi 12-17 darajagacha, kunduzi 23-28 darajagacha tushadi, bu shu davr uchun xos bo‘lgan iqlimiy me’yorlardan 4-6 darajaga pastdir.

Bulutlar ham ko‘payib, 1 sentyabrda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida, 2 sentyabrda Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Ob-havoning bunday o‘zgarishlari Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havoning kirib kelishi bilan tushuntiriladi.

Harorat kechasi 12-17 daraja, kunduzi 25-30 daraja bo‘lgan nisbatan salqin ob-havo respublikamizda sentyabr oyining birinchi haftasida saqlanib turadi.

Keyinchalik oyning oxirigacha harorat kechasi 12-17 darajadan 7-12 darajagacha, kunduzi 28-33 darajadan 21-26 darajagacha o‘zgarib turadi. Ayrim kunlarda qisqa muddatli kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Umuman olganda, kuzning birinchi oyidagi ob-havo iqlimiy me’yorlar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Категория: Ob-Havo ma'lumotlari | Просмотров: 105 | | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0
avatar